« Back
Temiryo‘lchilar va bojxona xodimlari hamkorlikda yangi elektron tizim jihatlarini o‘rganishmoqda 16.06.2022 10:56
Shu kunlarda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Temir yo‘l transporti kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida “E-tranzit” elektron maʼlumot almashish dasturida ishlash bo‘yicha tegishli mutaxassislar malaka oshirmoqdalar.
Tashkil etilgan besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining hududlardagi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish bo‘limlaridan va bojxona postlaridan, bosh inspektorlari va katta inspektorlaridan iborat bo‘lgan, 23 nafar xodim temir yo‘l faoliyati bo‘yicha malaka oshirmoqda.
Tinglovchilarga yuk va tijorat ishlari, tashishlarni tashkil etish, mehnat muhofazasi texnika va sanoat xavfsizligi boshqarmalarining malakali mutaxassislari tomonidan temir yo‘l faoliyati bilan bog‘liq “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi” qonuni, O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l Nizomi talablari, temir yo‘l transporti orqali tashiladigan yuklarni yetkazib berish muddatlari, yuklarni temir yo‘l orqali xalqaro yo‘nalishda tashish to‘g‘risidagi Kelishuv (SMGS) talablari, bojxona tekshiruvini amalga oshirishda SMGS va boshqa hujjatlar bo‘yicha tuziladigan dalolatnomalar (akt vskritiya, akt tamojennogo dosmotra), O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona Qo‘mitasining 2003 yilning 1 apreldagi 100-sonli “Bojxona organlari va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamkorlikni taʼminlash” to‘g‘risidagi buyrug‘i, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Davlatlararo tutashuv punktlari to‘g‘risida maʼlumotlar, temir yo‘llarda texnika va mehnat xavfsizligi umumiy qoidalari bo‘yicha maʼlumotlar berib borilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona Qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasiga temir yo‘l orqali olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha maʼlumotlarni oldindan elektron almashish tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish va tranzit tashiladigan tovarlar bo‘yicha “E-tranzit” elektron maʼlumot almashish dasturida ish yuritish ham alohida o‘rin tutmoqda.
Zamon talablariga mos raqamlashtirish tizimlarni joriy etish, o‘z navbatda qator masalalarda inson omilini kamaytirish, samarali natija berish va davlat organlarining istiqbolli hamkorligi har qanday davlat rivojlanishida garov sifatida o‘z ifodasini topishi muqarrar.